Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflik ta'minlanishi
1.Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflik ta'minlanishi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ-973-son, 09.10.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi Qonunga ko'ra, Yer kodeksiga va boshqa qonunlarga ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga olingan qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalariga bo'lgan o'z huquqlari va majburiyatlari yer uchastkasidan foydalanish maqsadlari o'zgartirilmagan holda boshqa shaxsga o'tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligini nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilmoqda. Shuningdek, qishloq xo'jaligiga mo'ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o'rniga elektron onlayn-auksionlar joriy etilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, eng yaxshi taklifni tanlab olish yo'li bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini to'g'ridan-to'g'ri ijaraga berishda ijaraga oluvchi tomonidan Davlat byudjetiga mablag'lar to'lanishi nazarda tutilmoqda.
Shovot tumani YXKM boshlig’i K.X.Ismoilov
2.Baliq ovlash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik mavjud
Qonunchilikka ko'ra, tegishli ruxsati bo'lmay turib yoki taqiqlangan joylarda yoxud taqiqlangan muddatlarda, taqiqlangan qurollar yoki vositalar bilan ov qilish yoki baliq ovlash, shu huquqbuzarliklarni sodir etish quroli va ashyolari musodara qilinib, quyidagi jazo choralaridan biri qo'llanilishiga sabab bo'ladi: fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 30 baravarigacha (9 mln 375 ming so'mdan 11 mln 250 ming so'mgacha) miqdorda jarima; mansabdor shaxslarga BHMning 40 baravaridan 50 baravarigacha (15 mln so'mdan 18 mln 750 ming so'mgacha) miqdorda jarima; 3 yilgacha muddatga ov qilish huquqidan mahrum etish. Qonunni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi...
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti D.A.Azamatova
3.Qonun (O'RQ-972-son, 07.10.2024 y.) bilan Jinoyat hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodekslarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi
Unga ko'ra, kodekslarga sog'liqning qisqa muddatga yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatining uncha uzoq bo'lmagan muddatga yo'qolishiga olib kelmagan qasddan badanga yengil shikast yetkazish bilan bog'liq jinoiy qilmishni jinoiy jazo tarkibidan chiqarib, uni ma'muriy huquqbuzarlik toifasiga o'tkazishni nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilmoqda. Shuningdek, mazkur huquqiy normani yangi tavsifiy belgilar bilan to'ldirish, yarashuv institutiga kiruvchi ma'muriy huquqbuzarliklar doirasini kengaytirish belgilanmoqda. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, ushbu huquqbuzarlik ma'muriy jazo chorasi qo'llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo'lsa: BHMning 5 baravaridan 25 baravarigacha miqdorda jarima solishga; 15 sutkagacha muddatga ma'muriy qamoqqa olishga sabab bo'lishi belgilanmoqda. Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti I.O.Raximberganov
4. Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etiladi
“Rahbar kadrlarni baholash markazini tashkil etish to'g'risida”gi Hukumat Qarori (629-son, 04.10.2024 y.) qabul qilindi. Qarorga ko'ra, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi muassisligida Rahbar kadrlarni baholash markazi tashkil etiladi. Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilandi: ijtimoiy-psixologik tadqiqotlar asosida davlat fuqarolik xizmatchilari uchun bazaviy, alohida lavozim yoki lavozimlar guruhi uchun kompetensiyalar modeli hamda indikatorlarini ishlab chiqish; davlat fuqarolik xizmatchilarini shaxsiy-professional diagnostika qilish, kompetensiyalar modeli asosida kompleks baholash; kompetensiyalarni baholash jarayonida foydalanish uchun doimiy ravishda yangi uslublarni ishlab chiqish, o'zlashtirish va joriy qilish kompetensiyalarni baholash natijalari asosida rahbar kadrlar uchun shaxsiy-professional rivojlanish trayektoriyasini ishlab chiqish va zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirish; rahbarlik lavozimiga nomzodlarni umumiy kasbiy bilimi, qadriyatlari va aqliy salohiyatini aniqlash bo'yicha test sinovlarini hamda psixologik so'rovnomalar o'tkazish; rahbar kadrlar faoliyati samaradorligini baholash va monitoring qilish, kadrlarga bo'lgan ehtiyojni prognoz qilish, ularni saralab olish va joy-joyiga qo'yish jarayonlariga raqamli texnologiyalarini va zamonaviy usullarni keng joriy etish; faoliyatining asosiy yo'nalishlari bo'yicha ekspert-tahliliy faoliyat, ilmiy tadqiqot va izlanishlarni olib borish.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti A.A.Sharipboyev
5.Reimbursatsiya dasturi asosida berilgan dorilarning qiymati byudjetdan qoplab beriladi
Hukumat Qarori (619-son, 02.10.2024 y.) bilan Kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda dori vositalari xarajatlarini qoplash bo'yicha reimbursatsiya dasturi to'g'risidagi nizom tasdiqlandi Nizom bilan bemorlarni ambulator sharoitda davolanishi uchun shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept asosida dorixonalar orqali dori vositalarini berish va berilgan dori vositalari qiymatini Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan qoplash (reimbursatsiya) tartibi belgilandi. Reimbursatsiya dasturi asosida bemorlarga dori vositalarini tayinlash Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi bilan shartnoma qilgan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasi shifokori tomonidan amalga oshiriladi. Elektron retsept tibbiy axborot tizimida shifokor tomonidan bemor uchun rasmiylashtiriladi. Elektron retseptda har bir tashxis bo'yicha uchtagacha dori vositasi ko'rsatilishi mumkin. Elektron retseptning amal qilish muddati rasmiylashtirilgan kundan boshlab 7 kalendar kunni tashkil qiladi. Shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept o'rnatilgan tartibda tasdiqlangandan so'ng axborot dasturi orqali Jamg'arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalarga uzatiladi hamda bemorning mobil telefon raqamiga mazkur retseptning raqami va sanasi aks ettirilgan SMS-xabarnoma avtomatik ravishda yuboriladi. Reimbursatsiya dasturi doirasida ishtirok etuvchi dorixonalarning berilgan dori vositalari bo'yicha sarf-xarajatlar mazkur dorilarning narxlari aks ettirilgan hisob-fakturalar asosida Jamg'arma tomonidan to'lab beriladi.
Shovot tumani YXKM boshlig’i K.X.Ismoilov
6.Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tashkil etiladi
“O'zbekiston Respublikasi milliy malaka tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Qarori (PQ-345-son, 30.09.2024 y.) qabul qilindi. Qarorga ko'ra, quyidagilar Milliy malaka tizimini isloh qilishning asosiy yo'nalishlari etib belgilandi, jumladan: Milliy malaka tizimining normativ-huquqiy, institutsional va uslubiy asoslarini takomillashtirish; norasmiy va informal orttirilgan ko'nikma va malakalarni tan olish (“Recognition of Prior Learning”) tizimini joriy qilish; ko'nikmalarni prognozlashtirish (“skills anticipation”), ko'nikmalarga bo'lgan ehtiyojlarni tahlil qilish (“skills needs analysis”), ko'nikmalar bilan bog'liq kamchiliklarni o'rganish (“skills gap analysis”) vositalari va metodologiyalarini ishlab chiqish va joriy etish. “Ta'lim sohasidagi loyihalar markazi” loyiha ofisi huzurida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tashkil etiladi. 2025-yil 1-fevralgacha Institutda Milliy malaka tizimini rivojlantirish bo'yicha malaka oshirish kurslari yo'lga qo'yiladi. 2025-yil 1-noyabrgacha Milliy malaka tizimining yagona raqamli platformasi ishlab chiqiladi va amaliyotga kiritilishi ta'minlanadi. 2026-yil 1-dekabrga qadar ilg'or xorijiy tajriba asosida 1800 ta kasbni qamrab oluvchi kasbiy standartlar ishlab chiqiladi va amaliyotga kiritilishi ta'minlanadi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti D.A.Azamatova
7.Davlat fuqarolik xizmatchisi chet elda molk-mulk olishi mumkin emas
Qonunchilikka ko'ra, davlat fuqarolik xizmatchisi O'zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishga va ularga ega bo'lishga, ko'chmas mulkka va boshqa mol-mulkka egalik qilishga haqli emas. Bundan chet davlatda ta'lim olish, stajirovka o'tash va tibbiy xizmatlardan foydalanish maqsadida ochilgan hisobvaraqlar, shuningdek davlat fuqarolik xizmatiga kirishdan oldin olingan va oshkor qilingan mol-mulk mustasno. Shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo'lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma'muriy-xo'jalik vazifalarini bajarishi mumkin emas. Bundan aksiyadorlik jamiyatlarining erkin muomalada bo'lgan aksiyalariga qonunchilikda belgilangan talablar doirasida egalik qilish hollari mustasno.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti I.O.Raximberganov
8.Davlat mehnat inspeksiyasiga kameral nazorat o'tkazish vakolati beriladi
Qarorga ko'ra, sanoat kirib bormagan mahallalarda 2025-yil 1-dekabrga qadar 1 000 ta, 2026-yilda 2 000 ta qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda kichik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushiriladi. “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o'qitish markazlari negizida kasbiy ko'nikmalar markazlari tashkil etiladi hamda quyidagilar yo'lga qo'yiladi: 2025-yil 1-yanvardan ish beruvchilar talabiga moslashuvchan o'qitish muddati va vaqtini nazarda tutuvchi tezkor kurslar; 2025-yil 1-martdan amaliy kasbiy ko'nikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish imkonini beruvchi yangi tajribani joriy etish; 2026-yil 1-yanvargacha kasbiy ko'nikmalar markazlarini xalqaro baholash tashkilotlarining akkreditatsiyasidan o'tkazish orqali ularning bitiruvchilariga xorijda tan olinadigan sertifikatlar (malaka pasportlari) berish; 2026-yil 1-iyulgacha xalqaro standartlar bo'yicha kasbiy malakani baholovchi markazi tashkil qilinadi va xorijiy davlatlarda tan olinadigan malaka sertifikati berish; Shuningdek, 2025-yil 1-martdan: Davlat mehnat inspeksiyasi va uning hududiy bo'linmalari mansabdor shaxslariga mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish, ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug'urta qilish, aholi bandligi to'g'risidagi qonunchilik talablarini bajarmaganligi uchun kameral nazorat o'tkazish vakolati beriladi. mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlarda mehnat huquqlari va mehnat muhofazasi ta'minlanganlik holati onlayn reyting asosida baholanadi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti A.A.Sharipboyev
9. Kambag'allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosati takomillashtiriladi
“Kambag'allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Qarori (PQ-347-son, 04.10.2024 y.) qabul qilindi Qarorga ko'ra, “Kambag'allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida quyidagilar Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi faoliyatining asosiy yo'nalishlari etib belgilandi, jumladan: mehnat bozorini, band va ishsiz aholini tarkibiy tahlil qilish, ishsizlarni manzilli aniqlash va ularning hisobini yuritish; aholi bandligini ta'minlash dasturlarini shakllantirish, bo'sh ish o'rinlari hisobini yuritish, ishsizlarni ishga joylashtirish; kambag'allikni qisqartirish; hokim yordamchilari faoliyatini muvofiqlashtirish; Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi tugatildi. 2025-yil 1-dekabrgacha: 50 ta tumanda, 2026-yilda qolgan tumanlarda 50–100 gektardan ijara asosida ajratilgan qishloq xo'jaligi yer maydonlarida sanoatlashgan plantatsiya, bog' va uzumzorlar tashkil etiladi; ijara asosida yer maydonlari ajratilgan tumanlarda kamida 40 gektar maydonda “bir kontur – bir mahsulot” tamoyili asosida yuqori daromadli va eksportbop qishloq xo'jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo'yicha namunaviy loyihalar amalga oshiriladi.
Shovot tumani YXKM boshlig’i K.X.Ismoilov
10. Kuchli ta'sir qiluvchi moddalarni internetda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ-971-son, 05.10.2024 y.) bilan ayrim kodekslarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Unga ko'ra, Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksiga giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlaridan va Internetdan foydalanish orqali qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Shuningdek giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni, kuchli ta'sir qiluvchi va zaharli moddalarni o'tkazish maqsadini ko'zlamay qonunga xilof ravishda olganlik, saqlaganlik, tashiganlik yoki jo'natganlik uchun ma'muriy va jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo'shimchaga ko'ra, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta'sir qiluvchi moddalarni o'tkazish maqsadini ko'zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo'natish, o'sha harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilgan bo'lsa, quyidagi jazo choralaridan biri qo'llanishi belgilandi: BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima; 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari; 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari; 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash; 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti D.A.Azamatova
11.Imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi
2025-2026-o'quv yilidan:davlat oliy ta'lim tashkilotlarida maktabgacha ta'lim yo'nalishi bo'yicha dual ta'lim shakli joriy etiladi; maktabgacha ta'lim yo'nalishining sirtqi va kechki ta'lim shakllari bo'yicha har yili kamida 200 ta maqsadli qabul kvotalari ajratiladi. 2018–2022-yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog'chalarni tashkil etish uchun ajratilgan imtiyozli kreditlarni qaytarish muddati 5 yilga uzaytiriladi. 2024-yil 1-oktabrdan jismoniy shaxs bir paytning o'zida bir nechta oilaviy nodavlat bog'chada mehnat faoliyatini yuritayotgan bo'lsa, ijtimoiy soliq summasi uning bitta (asosiy) ish joyi bo'yicha to'lanadi. 2025-yil 1-sentabrdan davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog'chalarni tashkil etish to'g'risidagi bitimlar Maktabgacha ta'limni boshqarish axborot tizimida elektron shaklda tuziladi. 2025-yil 1-yanvardan qamrov darajasi past bo'lgan davlat umumiy o'rta ta'lim muassasalarining bo'sh turgan yer uchastkalarida davlat-xususiy sheriklik asosida nodavlat bog'chalar faoliyatini yo'lga qo'yishga ruxsat etiladi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti I.O.Raximberganov
12.Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri jamg'armasi hisobidan bog'chalar rahbar va pedagoglarini rag'batlantirishga ruxsat etiladi
Maktabgacha ta'lim tashkilotining direktori o'rinbosari lavozimi joriy etiladi; respublikaning barcha tuman (shahar)larida kamida bittadan tayanch maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati yo'lga qo'yiladi; barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlarida malaka oshirishning “Metodik mahorat soati”, tayanch maktabgacha ta'lim tashkilotlarida esa “Metodik mahorat kuni” kabi shakllari bosqichma-bosqich joriy etiladi; trener sifatida faoliyat yuritayotgan direktor o'rinbosarlariga lavozim maoshining 20 foizi miqdorida qo'shimcha har oylik ustama haq to'lanadi. 2025-yil 1-martdan tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta'lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari joriy .tashkilotlari rahbar va pedagog kadrlarini ham rag'batlantirishga ruxsat etiladi. 2025-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida har bir tuman (shahar)dagi bittadan umumiy turdagi davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlarida inklyuziv ta'lim guruhlari ochiladi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti A.A.Sharipboyev
13.Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalari yanada takomillashtiriladi
“Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida ochiqlikni ta'minlash hamda boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF-149-son, 26.09.2024 y.) qabul qilindi. Farmonga ko'ra, 2026-yil 1-yanvardan hududlarda chiqindilar bilan ishlash darajasini oshirish hamda bu borada ochiqlikni ta'minlash, jamoatchilikning rolini oshirish, tadbirkorlar va aholi o'rtasida qayta aloqani to'liq yo'lga qo'yishni nazarda tutuvchi quyidagilar amalga oshiriladi: chiqindilar bilan bog'liq xizmatlarni tadbirkorlarga berish yuzasidan o'tkaziladigan tender jarayonini onlayn kuzatish imkoniyatini yaratish; sanitar tozalash korxonalari tomonidan chiqindi to'plash shoxobchalariga videokuzatuv kameralarini o'rnatish va shoxobchalar faoliyatini aholi tomonidan kuzatish imkoniyatini yaratish; chiqindilarni tashish bilan shug'ullanuvchi barcha maxsus texnikalarga onlayn kuzatuv (GPS) tizimini o'rnatish; sanitar tozalash korxonalari to'g'risida to'liq ma'lumot berish, ko'rsatilayotgan xizmatlar sifati va ko'lami bo'yicha shikoyatlarni qabul qilish hamda sanitar tozalash korxonalari bilan qayta aloqa qilish uchun “Call markaz” faoliyatini yo'lga qo'yish; sanitar tozalash korxonalari xizmat ko'rsatuvchi hududlarning geografik chegarasi hamda aholi va yuridik shaxslarga biriktirilgan chiqindilarni yig'ish maydonchalari (konteyner) joylashuvi to'g'risida aniq ma'lumotlar berish; abonentlarning hosil bo'lgan chiqindilarini olib chiqib ketish grafigini ko'rsatish.
Shovot tumani YXKM boshlig’i K.X.Ismoilov
14.Qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat yo'nalishidagi subsidiyalar maqbullashtiriladi
“Qishloq xo'jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to'g'risida”gi Prezident Qarori (PQ-344-son, 30.09.2024 y.) qabul qilindi. Qarorga ko'ra, quyidagilar tasdiqlandi: Bog'dorchilik, uzumchilik, issiqxona xo'jaligi, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini saqlash va qayta ishlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish hamda tizim faoliyatini tubdan takomillashtirish bo'yicha “yo'l xaritasi”; 2024–2027 yillarda anjir, funduk va zaytunzorlarni tashkil etishning maqsadli ko'rsatkichlari. Agentlik tomonidan Jamg'arma mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat yo'nalishidagi subsidiyalar turlari maqbullashtiriladi. Bunda: 2025-yil 1-yanvardan: intensiv mevali bog' va uzumzorlarda tomchilatib sug'orish tizimlari o'rnatgani uchun subsidiya 1 gektar uchun 16 million so'mdan oshmagan miqdorda belgilanadi; suv tejovchi texnologiyalarni qo'llash uchun subsidiya suv quvurlarining o'lchamidan (diametri) kelib chiqib, 40 ming so'mdan 250 ming so'mgacha belgilanadi; “in-vitro” usulida yaratilgan mevali payvandtagli ko'chatlarni sotib olish xarajatlari uchun subsidiya ushbu xarajatlarning 50 foizi miqdorida belgilanadi; ekish sxemalari hududlarning tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, Agentlik tavsiyasi bilan belgilanadi. ko'chat payvandtaglari uchun beriladigan barcha turdagi subsidiyalar 2024-yil 1-oktyabrdan bekor qilinadi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti D.A.Azamatova
15.Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash tizimi joriy etiladi
Farmonga, 2025-yil 1-yanvardan: iqtisodiy jihatdan samarasiz, kam hosilli bog' va tokzorlarni yaroqsiz deb topish, ular o'rnida intensiv bog' va tokzor barpo etish yoki haydaladigan yerlar toifasiga o'tkazish to'g'risida xulosani qabul qiluvchi tuman (shahar) komissiyasi tomonidan iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bog' va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bog' yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bog' va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer solig'i 3 baravarga oshiriladi; tashabbuskorlar yangi bog'larni barpo etishda o'z ehtiyojlari uchun xorijiy davlatlardan belgilangan ro'yxatdagi payvandtagli mevali ko'chatlar va payvandtaglar, payvandustlari, onalik materiallari va texnikalarni import qilishda qo'shilgan qiymat solig'i va bojxona bojlaridan ozod etiladi. 2024-yil 1-dekabrdan fermer va dehqon xo'jaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko'maklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etiladi.Agentlik meva-sabzavotchilik yo'nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi subyektlar, issiqxona xo'jaliklari hamda Agentlik manfaatlarini ko'zlab sudga kiritilgan da'volar va shikoyatlar yuzasidan davlat boji to'lashdan ozod qilinadi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti I.O.Raximberganov
16.Agrosanoat sohasida yangi bozor mexanizmlari joriy etiladi
“Respublikada agrosanoat sohasiga yangi bozor mexanizmlarini joriy etish hamda sanoatlashgan bog' va tokzorlarni barpo qilishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF-151-son, 30.09.2024) qabul qilindi. Farmonga ko'ra, quyidagilar tashkil etiladi: Qishloq xo'jaligida xizmatlar ko'rsatish agentligi negizida Agrosanoatni rivojlantirish agentligi; Agentlik huzurida Bog'dorchilik va issiqxona xo'jaligini rivojlantirish jamg'armasi hamda Vinochilikni rivojlantirish jamg'armasi negizida Agrosanoatni rivojlantirish va qo'llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg'armasi. 2024-yil 1-oktyabrdan sanoatlashgan yangi intensiv bog' va tokzorlarni barpo etish hamda moliyalashtirishning yangi tizimi joriy etiladi. 2024-yil 1-oktyabrdan yangi bog'larni barpo etishni Jamg'arma kredit resurslari hisobidan tijorat banklari orqali moliyalashtirishning quyidagi tartibi joriy etiladi: 1.bosqichda – yerni ekishga tayyorlash uchun imtiyozli kreditning 10 foizigacha miqdorda; 2️.bosqichda – ko'chat sotib olish va ekish xarajatlariga imtiyozli kreditning 40 foizigacha miqdorda; 3️.bosqichda – sug'orish tizimlarini o'rnatish xarajatlariga imtiyozli kreditning 30 foizigacha miqdorda; 4️.bosqichda – bog' hosilga kirgunga qadar 3 yil parvarishlash xarajatlariga imtiyozli kreditning 20 foizi miqdorida ajratiladi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti A.A.Sharipboyev
17.Mahalliy mehnat organlariga murojaat qilayotgan fuqarolardan ortiqcha hujjatlar talab etilishining oldi olinadi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O'RQ-967-son, 27.09.2024 y.) bilan “Aholi bandligi to'g'risida”gi Qonunga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi. Unga ko'ra, ish qidirayotgan shaxslarning mehnat organlariga ortiqcha hujjatlar taqdim etishiga yo'l qo'yilmasligini, bandlikni rag'batlantirish va tadbirkorlikka jalb etish uchun subsidiyalar taqdim etish mexanizmi takomillashtirilishini nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilmoqda.. Shuningdek, ish beruvchilar tomonidan mahalliy mehnat organlariga bo'sh (vakant) ish o'rinlari mavjudligi to'g'risidagi ma'lumotlarni, xodimlarning ishdan bo'lg'usi ozod etilishi haqidagi axborotni har oyda elektron tarzda taqdim etish shartlari belgilanmoqda. Bundan tashqari, Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligining hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligining nomlanishi aniqlashtirilmoqda, shuningdek oilaviy (maishiy) zo'ravonlikdan jabrlangan shaxslar aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifasiga kiritilmoqda.
Shovot tumani YXKM boshlig’i K.X.Ismoilov
18. Prokuratura organlarining odil sudlovni amalga oshirishga ko'maklashish borasidagi faoliyati samaradorligi yanada oshiriladi
Qonun bilan Fuqarolik protsessual kodeksiga davlatning qonun bilan qo'riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o'rnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog'liq ishlarda ishtirok etish huquqini, shuningdek davlat manfaatlarini himoya qilish uchun sudga ariza bilan murojaat qilish huquqini nazarda tutuvchi o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilmoqda. Iqtisodiy protsessual kodeksiga prokurorning yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki bilan bog'liq ishlarda, atrof-muhitni muhofaza qilish to'g'risidagi qonunchilikni buzish, davlat byudjetidan undiruvlar, o'zboshimchalik bilan qurilgan imoratga bo'lgan mulk huquqini e'tirof etish, xususiy mulk sifatida egalik qilish va undan foydalanish faktini aniqlash, bojxona to'lovlarini undirish bilan bog'liq ishlarda ishtirok etishini nazarda tutuvchi o'zgartirishlar kiritilmoqda. Bundan tashqari, Fuqarolik protsessual kodeksida, Iqtisodiy protsessual kodeksida va Ma'muriy sud ishlarini yuritish to'g'risidagi kodeksida prokurorning sud muhokamasining vaqti va joyi to'g'risida prokuror tegishli tarzda xabardor qilinmasdan ko'rilgan, qonunda prokurorning ishtirok etishi nazarda tutilgan ishlar bo'yicha kassatsiya protesti, taftish tartibida protest keltirish to'g'risidagi masalani hal qilish uchun tegishli sudlardan ishlarni talab qilib olishga bo'lgan huquqi belgilanmoqda, shuningdek mazkur toifadagi ishlarni ko'rish yakunlari bo'yicha chiqarilgan sud hujjatlari ustidan shikoyat qilish tartibi aniqlashtirilmoqda.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti D.A.Azamatova
19.Yoqilg'i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi
Qarorga ko'ra, Markaziy Osiyo davlatlari bilan muhokama qilgan holda Yashil Markaziy Osiyo fondi va Markaziy Osiyo iqlim masalalari markazini tashkil etishning konseptual asoslari ishlab chiqiladi.2030-yildan Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlarida joylashgan isitish va elektr energiya ishlab chiqarish korxonalariga yoqilg'i sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanadi. Toshkent shahriga tutash tumanlardagi 1,2 mingdan ortiq issiqxonalarda foydalanilayotgan ko'mir yoqilg'isining atrof-muhitga salbiy ta'sirini kamaytirish maqsadida chang-gaz tozalash uskunalari o'rnatiladi hamda bunday uskunalarni o'rnatish uchun issiqxona xo'jaliklariga subsidiya ajratish mexanizmi joriy qilinadi. 2025–2030-yillarda Toshkent shahar va unga tutash Toshkent viloyatining hududlaridagi jami 441 gektar yer maydonlarida “yashil belbog'” va “yashil bog'lar” tashkil qilinadi.2028-yildan “Yevro – 4” standartidan past ekologik toifadagi motor yoqilg'isidan foydalanish va sotish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti I.O.Raximberganov
20.Chang bo'ronlariga qarshi kurashish bo'yicha milliy dastur tasdiqlandi
“Chang bo'ronlariga qarshi kurashish va atmosfera havosi sifatini yaxshilash bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident Qarori (PQ-338-son, 24.09.2024 y.) qabul qilindi. Unga ko'ra, O'zbekiston Respublikasida chang bo'ronlariga qarshi kurashish va ularning oqibatlarini yumshatish bo'yicha 2024–2030 yillarga mo'ljallangan milliy dastur tasdiqlandi. Quyidagilar Milliy dasturning asosiy yo'nalishlari etib belgilandi, jumladan:chang va qum bo'ronlari oldini olish va oqibatlarini yumshatishda ilg'or texnologiyalarni joriy etish hamda hududlarda yashil qoplamalarni kengaytirish;2028-yilgacha kuchli chang bo'ronlari hosil bo'lish sur'atlarini hozirgi holatiga nisbatan 50 foizga qisqartirish. 2025-yil 1-yanvardan Toshkent shahrining 12 ta tumanida fon monitoringini amalga oshirish uchun avtomatlashtirilgan kichik stansiyalarni o'rnatish ishlari boshlanadi. 2026-yil 1-yanvardan Toshkentda o'rnatilgan maxsus monitor va tablolarda majburiy ravishda atmosfera havosining ifloslanish darajasi hamda gidrometeorologik ma'lumotlar e'lon qilib boriladi.
Shovot tumani YXKM bosh yuriskonsulti A.A.Sharipboyev