Umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig'i kamaytiriladimi ?
Umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig‘i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi
Farmonga ko‘ra, eksport operatsiyalari bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplashda:
-soliq to‘lovchilardan O‘zbekiston bojxona hududidan o‘tkazish punktida joylashgan bojxona organining tovarlar belgilangan mamlakatga jo‘natilganligini tasdiqlovchi belgisi qo’yilgan, tovarga ilova qilinadigan hujjatlarni soliq organlariga taqdim etish talab etilmaydi;
-bojxona organlari tomonidan real vaqt rejimida elektron axborot almashinuvi vositasida soliq organlariga tovarlar bojxona chegarasini kesib o’tganligi to‘g‘risida taqdim etilgan ma’lumotlar tovarlar eksport qilinganligini tasdiqlash uchun asos bo‘ladi.
Аsbob-uskunalar va (yoki) butlovchi qismlar importiga oid kontraktda ularni etkazib berish muddati 180 kundan ortiq etib belgilangan bo’lsa, mazkur operatsiya bo’yicha aktivlarni repatriatsiya qilish muddati sifatida kontraktda ko’rsatilgan etkazib berish muddati e’tirof etiladi.
2025 yil 1 yanvardan 2028 yil 1 yanvargacha umumiy ovqatlanish korxonalariga foyda solig’i stavkasi 50 foizga kamaytiriladi.
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
“O‘zbekiston Respublikasida 2024–2030 yillarda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-308-son 30.08.2024 y.) qabul qilindi
Qarorga ko‘ra, quyidagilar tasdiqlandi:
2024–2026 yillarda ustuvor davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar;
2024–2030 yillarda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladigan loyihalar dasturi.
Bunda quyidagilar inobatga olinadi:
yirik shaharlar o‘rtasida qulay va tezkor avtomobil qatnovi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish maqsadida kamida 1 000 km zamonaviy pullik magistral avtomobil yo‘llarini qurish va modernizatsiya qilish, shu jumladan Toshkent–Samarqand yo‘lini qurish ishlarini 2024 yilda hamda Toshkent–Аndijon yo’lini 2026 yilda boshlash;
-yillik energiya yo‘qotishlarini kamida ikki baravar pasaytirishni belgilagan holda barcha hududlarda elektr taqsimlash tarmoqlarini 2027 yil 1 iyulga qadar, tabiiy gaz taqsimlash tarmoqlarini esa 2027 yil yakuniga qadar xususiy operatorlarga topshirishni nazarda tutuvchi shartnomalarni imzolash;
-yiliga qo‘shimcha 30 foizgacha elektr energiyasini tejash maqsadida 2028 yilga qadar barcha ma’nan eskirgan irrigatsiya nasos stantsiyalarini modernizatsiya qilish bo’yicha kelishuvlarga erishish;
-toza va doimiy ichimlik suvi bilan ta’minlash qamrovini 87 foizga, markazlashgan oqova suv ta’minoti qamrov darajasini 30 foizgacha oshirishni nazarda tutgan holda 2028 yil yakuniga qadar har bir hududda ichimlik va oqova suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish va boshqaruvga berish uchun xususiy kompaniyalarni jalb qilish;
-400 mingdan ortiq o‘quvchilar sig‘imiga ega zamonaviy ta’lim muassasalari hamda 300 mingdan ortiq tarbiyalanuvchilar sig‘imiga ega maktabgacha ta’lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida 2026 yildan boshlab davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida har yili kamida 100 ta maktab va 100 ta maktabgacha ta’lim muassasalarini qurish va boshqarishni tashkil etish;
-ilg‘or texnologiyalarga asoslangan tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida 100 mingdan ortiq bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi ko‘p tarmoqli shifoxonalarni qurish va ularni xususiy operatorlar boshqaruviga berish.
Shovot tumani YXKM
bosh yuriskonsulti I.Rahimberganov
Ta’lim kreditini my.gov.uz orqali olish mumkin
Qonunchilikka ko‘ra, 2024/2025 o‘quv yilidan oliy va professional ta’lim tashkilotlarining talaba va o‘quvchilariga ta’lim kreditlari quyidagilarni nazarda tutgan holda ajratiladi:
-oliy va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish uchun ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida o’qiyotgan talaba va o‘quvchilarga ajratiladi;
ta’lim krediti:
-oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari hamda professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun to‘lov-kontrakt summasi miqdorida;
-oliy ta’lim tashkilotlarining ikkinchi va undan yuqori kurs talabalari uchun fanlarni o’zlashtirishning o’rtacha ko’rsatkichi “3” dan past bo’lgan taqdirda to‘lov-kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizi miqdorida ajratiladi.
Bunda ta’lim krediti:
-OTM talabalari uchun – talabalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Talabalarga shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlar hisobini yuritish” (kontrakt.edu.uz) axborot tizimi va “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” (HEMIS) axborot tizimida mavjud bo‘lganda;
-professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun – o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Professional ta’lim jarayonlarini boshqarish” (prof.edu.uz) axborot tizimida mavjud bo‘lganda ajratiladi.
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
Tovar va moliya bozorlarida sog‘lom raqobat muhiti ta’minlanadi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-954-son, 04.09.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi
- “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, davlat yordami berilishiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan kelishishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
- Bundan tashqari “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritilib, unga muvofiq xo‘jalik yurituvchi sub’ekt qaysi faoliyat turiga asosan tabiiy monopoliya sub’ektlari jumlasiga kiritilsa, o‘sha faoliyat turi uning asosiy faoliyat turi hisoblanadi.
-Jazolar tizimini liberallashtirish maqsadida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikning iqtisodiy jihatdan past ta’sir darajasiga ega bo‘lgan buzilishini birinchi marta sodir etgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan moliyaviy sanktsiyalar tarzidagi javobgarlik choralari qo‘llanilmasligini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.
- Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Shovot tumani YXKM
bosh yuriskonsulti I.Rahimberganov
Qonunchilikka ko‘ra, piyodalar o‘tish joyida harakatlanayotganda:
➖telefondan foydalanish;
➖kitoblarni yoki davriy nashrlarni o‘qish;
➖videomateriallarni tomosha qilish;
➖audiomateriallarni eshitish;
➖e’tiborni chalg‘itadigan boshqa elektron vositalardan foydalanish;
Shuningdek, yo‘lning harakat qismini belgilanmagan joylardan kesib o‘tish BHMning uchdan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
Xodimlarga ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlar
Qonunchilikka ko‘ra, ish beruvchi mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan o‘tayotgan, shuningdek ishlab chiqarish ta’limini o‘tayotgan xodimlarga ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
-Shuningdek, mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili, qisqartirilgan ish haftasi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan o’zga kafolatlar beriladi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning odil sudlovdan foydalanishga bo‘lgan huquqlarini ta’minlash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-955-son, 05.09.2024 y.) bilan “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi
Qonunga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlarga ko‘ra:
- Davlat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun boshqalar bilan teng ravishda odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi, shu jumladan sud protsessining barcha bosqichlarida, shuningdek surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonunda belgilangan tartibda bevosita yoki bilvosita ishtirok etishini ta’minlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.
-Nogironligi bo‘lgan shaxslarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida bevosita yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etishi, shu jumladan qonunda belgilangan tartibda saylash va saylanish, referendumlarda ishtirok etish huquqi ta’minlanadi.
- Davlat saylov uchastkalarida (referendum uchastkalarida) nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha toifalari, shu jumladan eshitish, ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan, o‘rindiqli aravachalardan foydalanuvchi shaxslar ovoz berishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan muloqot qilish uchun qulay muloqot shakllarini, shuningdek ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarning ularga moneliksiz kirishi uchun moslashtirish asoslarini belgilovchi normalar bilan to’ldirilmoqda.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
DAVLAT BYUDJETI MABLAG'LARI HISOBIDAN MOLIYALASHTIRILADIGAN QURILISH ISHLARI BO'YICHA TEXNIK NAZORAT XIZMATINI KO'RSATISHGA AUTSORSING ASOSIDA TADBIRKORLAR JALB QILINADI
Qarorga ko'ra, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida:
2024-yil 1-iyuldan avtomobil yo'llari va yo'l inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlashda qiymati 10 milliard so'mdan ortiq bo'lgan loyihalar bo'yicha jalb qilinadigan yordamchi pudrat tashkilotlari ro'yxatga olinadi;
tender savdolari oferentlari tomonidan takliflar to'liq raqamlashtirilgan holda kiritiladi;
har oyda kamida bir marotaba davlat dasturlariga kiritilgan obyektlardagi qurilish jarayonining joriy holati bo'yicha fotosuratlar joylashtirib boriladi.
Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish, rekonstruksiya qilish va mukammal ta'mirlash ishlari bo'yicha texnik nazorat xizmatini ko'rsatishga quyidagi obyektlarda autsorsing asosida tadbirkorlarni jalb qilishga ruxsat beriladi:
2025-yil 1-yanvardan – tajriba tariqasida qurilish (ta'mirlash) ishlari yangidan boshlanadigan maktab, maktabgacha ta'lim va sog'liqni saqlash muassasalarida;
2026-yil 1-yanvardan – boshqa qurilish (ta'mirlash) obyektlarida (davlat sirlari bilan bog'liq bo'lgan obyektlar bundan mustasno).
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
QURILISHI TUGALLANGAN OBYEKTLARNI FOYDALANISHGA QABUL QILISH JARAYONI RAQAMLASHTIRILADI
“Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha davlat dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish jarayonlarini samarali tashkil etishning qo'shimcha choralari to'g'risida”gi Prezident Qarori (PQ-165-son, 29.04.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko'ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligining markaziy apparati tuzilmasida, O'zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlari hamda byudjet tizimi byudjetlari hisobidan moliyalashtiriladigan dasturlarga muvofiq qiymati 10 milliard so'mdan yuqori bo'lgan obyektlarni qurish va rekonstruksiya qilish bo'yicha tayyorlangan loyiha-smeta hujjatlarini ko'rib chiqish vakolatiga ega loyiha ofisi tashkil etiladi.
Shuningdek, quyidagi tartiblar o'rnatiladi:
2025-yil 1-yanvardan loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish va obyektlarni foydalanishga qabul qilishda qurilish xarajatlarni baholashning “hajm” uslubiga (hajm va sifat ko'rsatkichlarini hisobga olishga) o'tiladi;
2024-yil 1-iyuldan obyektlarning smeta qiymati “Qurilish resurslari milliy klassifikatori” elektron platformasi ma'lumotlari asosida shakllantiriladi;
2024-yil 1-oktabrdan qurilishi tugallangan obyektlarni foydalanishga qabul qilish jarayoni raqamlashtirilgan holda, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining “Qurilishda davlat nazorati” elektron platformasi orqali rasmiylashtiriladi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
VAZIRLAR MAHKAMASINING 2024-YIL 6 –MAYDAGI 263-SON QARORI BILAN SIFATLI TAʼLIMNI TAʼMINLASHDA IJOBIY NATIJALARGA ERISHAYOTGAN UMUMIY O`RTA TAʼLIM MAKTABLARI RAHBARIYATI HAMDA OʻQITUVCHILARIGA USTAMA BERISH TARTIBI TOʻGʻRISIDA NIZOM TASDIQLANDI.
Siyosiy2024/2025 oʻquv yilidan boshlab oʻqitish va bilimni baholashning yangi tartibini samarali joriy etgan, oʻquvchilari ijobiy koʻrsatkichlarni qayd etayotgan umumiy oʻrta ta’lim maktablari rahbariyati hamda oʻqituvchilariga ustama berish tartibi joriy etiladi.
Rahbariyati va oʻqituvchilari ragʻbatlantirishga tavsiya etilgan umumiy o'rta ta'lim maktablari roʻyxati har oʻquv yili yakunida eʼlon qilinadi hamda keyingi bir oʻquv yili davomida ushbu maktabning oʻqituvchilariga mazkur qarorga muvofiq rahbariyati hamda oʻqituvchilarning tarif stavkasiga nisbatan 40 foizgacha ustama beriladi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
TALABA BOʻLISH ISTAGIDAGI XOTIN-QIZLAR SHOSHILING: OILA VA XOTIN-QIZLAR QOʻMITASIDAN TAVSIYANOMA OLISH UCHUN ARIZALAR QABULI BOSHLANDI
Hukumat qaroriga muvofiq mutaxassisligi boʻyicha kamida 5 yil mehnat staji mavjud, biroq oliy maʼlumotga ega boʻlmagan xotin-qizlar davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida qabul parametrlari (jami 500 ta kvota) doirasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi belgilangan.
Ushbu imtiyozdan foydalanmoqchi boʻlgan xotin-qizlar Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasiga ega boʻlishlari lozim.
Tavsiyanoma olish uchun talabgorlar quyidagi mezonlarning barchasiga muvofiq kelishi kerak:
➖ oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi (kollej, texnikum diplomiga ega bo‘lishi);
➖ tavsiyanoma olgunga qadar oliy taʼlim olmaganligi yoki olmayotganligi (davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalarida o‘qimayotgan bo‘lishi kerak);
➖oʻrta maxsus yoki professional taʼlim mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yillik mehnat stajiga ega boʻlishi.
Talabgorlar joriy yilning 1-iyuniga qadar (shu kuni ham) ariza bilan doimiy yashash yoki vaqtincha roʻyxatda turgan joyidagi tuman (shahar) Ishchi guruhlariga murojaat etadilar va quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
➖fuqarolik pasporti yoki ID karta nusxasi;
➖mehnat daftarchasi (elektron mehnat daftarchasi)dan koʻchirma;
➖oʻrta-maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha diplom.
Talabgorlar tomonidan taqdim etilgan ariza va hujjatlar tuman (shahar) Ishchi guruhlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda 1-7-iyun kunlari koʻrib chiqiladi va tavsiyanoma berish yoki tavsiyanoma berishni rad etish toʻgʻrisida xulosa qabul qilinadi.
2022-hamda 2023-yillarda tavsiyanoma olgan, biroq oliy taʼlim muassasalarida talabalikka tavsiya etilmagan xotin-qizlarning tavsiyanomalari 2024-yilda ham amal qiladi.
Shovot tumani YXKM
bosh yuriskonsulti I.Rahimberganov
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BOSH VAZIRINING TOPSHIRIGʻI BILAN:
Umumtaʼlim muassasalarida “Tabiiy fan (science)“, “Tarbiya” va “Informatika va axborot texnologiyalari” fanlarini boshlangʻich sinflarda “Boshlangʻich taʼlim” oʻqituvchilari, “Tabiiy fan (science)“ni 5-6-sinflarda esa “Geografiya”, “Biologiya” va “Fizika” oʻqituvchilari, 5-11-sinflarda “Tarbiya” fanini, Tarix, Milliy istiqlol gʻoyasi va huquq mutaxassisligiga ega fan oʻqituvchilari dars oʻtishlariga:
“Tabiiy fan (science)“ va “Tarbiya” fanidan dars berayotgan boshlangʻich taʼlim, shuningdek, fizika, geografiya, biologiya, tarix, davlat va huquq asoslari fanidan amaldagi malaka toifalariga mos ravishda haq toʻlanishiga rozilik berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-avgustdagi 425-son qarori bilan belgilangan, oliy malaka toifa (bosh oʻqituvchi lavozimi)ga ega boʻlganidan soʻng oliy malaka toifani 15-yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega boʻlgan pedagog kadrlar navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmaslik tartibi 2022-yil 2-avgustga qadar 15 yillik uzluksiz ish stajiga hamda oliy malaka toifaga ega (bunda oliy toifaga ega boʻlganlik davri muhim emas) boʼlgan pedagoglarga nisbatan tatbiq etilmaydi. (https://t.me/uztdi/8303)
Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 19-maydagi 312-son qarorining 9-bandida keltirilgan talablar ikkinchi xorijiy til pedagoglarga nisbatan tatbiq etilmasligi belgilandi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
OʻQITUVCHI NAVBATDAGI MAJBURIY ATTESTATSIYADA ISHTIROK ETMASA NIMA BOʻLADI?
Hukumat qarori bilan tasdiqlangan nizomda attestatsiyada uzrli yoki uzrsiz sabablarga asosan ishtirok etmaganlik uchun koʻriladigan choralar belgilab qoʻyilgan.
Pedagoglar attestatsiyada uzrli sababga (vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, davlat yoki jamoat vazifalarini bajarganligi, respublika va xalqaro musobaqalarda ishtirok etganligi, vaqtincha xorijiy mamlakatda safarda boʻlganligi, yaqin qarindoshining vafoti, vakolatli davlat organi yoki taʼlim tashkilotlari rahbarlarining maʼlumotnomasida koʻrsatilgan boshqa asoslarga) koʻra kelmagan boʻlsa, ularning attestatsiyasi boshqa muddatga koʻchiriladi.
Pedagog kadr uzrsiz sababga koʻra navbatdagi majburiy attestatsiyada ishtirok etmagan boʻlsa, u attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda uning tegishli malaka toifasi (lavozimi) bir pogʻona tushiriladi.
Uzrsiz sababga koʻra attestatsiyada ishtirok etmagan mutaxassis (oliy maʼlumotli oʻqituvchi) lavozimidagi pedagog kadr attestatsiyadan oʻtmagan hisoblanadi hamda ish beruvchi xodimning malakasi yetarli boʻlmaganligi sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilish huquqiga ega.
O‘z xohishiga ko‘ra navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashib, attestatsiyadan o‘ta olmagan pedagog kadrlarning malaka toifasi (lavozimi) tushirilmaydi hamda ularga navbatdan tashqari attestatsiyada qatnashishdan oldin amalda bo‘lgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
YOSHLARNI KASBGA VA CHET TILLARIGA O‘QITISH TIZIMI TAKOMILLASHTIRILADI
“Yoshlarni kasbga (mutaxassislikka) va chet tillariga o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat Qarori (213-son, 17.04.2024-y.) qabul qil
indi.
Unga ko‘ra, Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga o‘qitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi (Markaz) tashkil etiladi.
Professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarni kasb (mutaxassislik) va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi. Xorijda ishlash istagi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonlarini tashkil etish Markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.
O‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugatgan bitiruvchilarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi hujjat beriladi.
O‘quv kurslarida kadrlarni tayyorlash bir yilgacha bo‘lgan ta’lim dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
O‘quv kurslari doirasida ta’lim oluvchilar ingliz, nemis, yapon, koreys, arab va boshqa talab yuqori bo‘lgan chet tillariga o‘qitiladi.
Professional ta’lim muassasalariga jalb etilgan ta’lim oluvchilar chet tilini mustaqil ravishda o‘rganib, xalqaro yoki unga tenglashtirilgan sertifikatni taqdim etgan taqdirda, ta’lim oluvchi tomonidan chet tilini o‘qish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan qismi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Bunda xorijiy davlatga ishga jalb qilinadigan fuqarolar uchun chet tili bo‘yicha kamida B2 darajadagi, "Ausbildung" (dual ta’lim shakli) asosida xorijga ketadigan fuqarolar uchun nemis tili bo‘yicha kamida B1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olish talab etiladi.
O‘quv kurslariga jalb qilingan pedagog kadrlarga faoliyat samaradorligidan kelib chiqib, har oy oylik maoshining 100 foizigacha miqdorda ustama to‘lanadi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
IJRO ISHI YUZASIDAN
Undiruv faqat qarzdorning mol mulkiga qaratilishi kerak agar qarzdorning mulki boshqa shaxsda bo‘lsa uni asoslovchi xujjatlarsiz undiruvga qaratish faqat sud qaroriga ko‘ra bo‘lishi mumkin.
Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi qonunning 49-moddasiga ko‘ra, undiruvni qarzdorning boshqa shaxslarda turgan mol-mulkiga qaratish ushbu mol-mulkning qarzdorga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatli ma’lumotlar bo‘lganda, davlat ijrochisining qaroriga muvofiq amalga oshiriladi. Qarzdorning o‘zga shaxslarda turgan mol-mulkining unga tegishliligini tasdiqlovchi hujjatli ma’lumotlar bo‘lmaganda, undiruvni mazkur mol-mulkka qaratish sudning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
KREDIT TARIXI NIMA?
Kredit tarixi – bu sizning qaerdan, qaysi kredit tashkilotidan, qancha miqdorda qarz olganingiz va keyinchalik uni qanday to‘laganingiz to‘g‘risida batafsil ma’lumot, ya’ni bu qarz oluvchi sifatida moliyaviy intizom aksidir.
O‘zbekiston Respublikasining “Kredit ma’lumotlari almashinuvi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan kredit tarixi qarzdorning so‘nggi besh yil ichidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olib, quyidagilarni aks ettiradi:
➖ qarzdor to‘g‘risida;
➖ joriy va yopilgan kreditlar, tovar kreditlari qiymati, rasmiylashtirilgan sanasi, muddati va qoldig‘i to‘g‘risida;
➖ muddati o‘tgan qarzdorliklar to‘g‘risida;
➖ joriy va yopilgan kreditga qo‘yilgan garov mulki va mulk egasi to‘g‘risida;
➖ sud jarayonidagi kreditlar to‘g‘risida;
➖ kredit tarixi shakllangan sana va uni tayyorlagan tashkilot to‘g‘risida.
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
YOSHLARGA YER AJRATISH ORQALI ULARNING BANDLIGI TA’MINLANMOQDA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning 5-aprel kuni qabul qilingan “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlario‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-153-sonli qarorida qishloq xo‘jaligidagi yer va suv resurslaridan samarali foydalanish orqali oziq-ovqat ekinlari yetishtirishni ko‘paytirish, aholi, shu jumladan, yoshlar bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish nazarda tutilgan.
Xususan, tuman hokimliklari zahirasidagi 3 ming gektar yer maydonlari elektron onlayn-auksion savdolariga qo‘yilib, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun yoshlarga 30 yil muddatga ijaraga beriladi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim joriy etiladi.
Mazkur qarorda yer maydonlarini ijaraga berish bo‘yicha elektron onlayn-auksion savdolari “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali “mahalla yettiligi”ning tavsiyasi bilan shakllantiriladigan ro‘yxatga kiritilgan yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladi.
Auksion g‘oliblariga yer uchastkasi narxini 10 yil muddatga teng ulushlarda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lashga ruxsat beriladi.
Shuningdek, elektron onlayn-auksion savdolarida 1 nafar talabgor ishtirok etgan taqdirda, istisno tariqasida, auksion o‘tkazilgan hisoblanadi hamda ushbu imtiyozli shartlar asosida o‘tkaziladigan auksion savdolarida yoshlarga yer maydonini faqat bir marotaba ijaraga olishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, talabgorlarga sabzavot, kartoshka, poliz ekinlari, gul ko‘chatlari, makkajo‘xori doni, dukkakli va moyli ekinlar yetishtirishga tumanlardagi sug‘oriladigan ekin maydonlari 30 yil muddatga kichik lotlarda “bir massiv – bir mahsulot” tamoyili asosida ijraga beriladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdan sotishgacha bo‘lgan zanjirni qamrab oluvchi yangi tizim bo‘yicha talabgorlarga tijorat banklari tomonidan 7 yilgacha muddatga 100 mln so‘mgacha kreditlar ajratiladi.
Shuningdek, talabgorlarga mini-texnika, urug‘ va ko‘chat xaridiga “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan 5 mln so‘mdan subsidiya hamda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan – 33 mln so‘mgacha kredit ajratish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari mazkur qaror bilan bir qator soliq imtiyozlari ham ko‘zda tutilgan. Xususan, tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan yerlar – tomchilatib sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan e’tiboran besh yil muddatga, qishloqxo‘jaligi maqsadlari uchun yangi o‘zlashtirilayotgan yerlar – ular o‘zlashtirilgan vaqtdan e’tiboran besh yil muddatga yer solig‘idan ozod qilinishi belgilangan.
Yer maydonlarini elektron onlayn auksion savdolari orqali ijaraga olgan yoshlar “Temir dafari”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dan chiqarilmaydi va ular uchun qonunchilikda belgilangan barcha imtiyoz va preferensiyalar saqlab qolinadi.
Talabgorlar tomonidan yer maydonlarida yetishtiriladigan ekin turlari va ular miqdorining doimiy monitoringi Yoshlar ishlari agentligining “Yosh fermerlar” platformasi orqali amalga oshiriladi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
MEHNAT SHARTNOMASI QANDAY SHAKLDA TUZILISHI KERAK?
Mehnat shartnomasi bir xil kuchga ega bo‘lgan kamida ikki nusxada yozma shaklda tuzilib, ularning har biri taraflar tomonidan imzolanadi.
Mehnat shartnomasining har bir nusxasi xodimning va ishga qabul qilish huquqiga ega bo‘lgan mansabdor shaxsning imzolari bilan mustahkamlanadi.
Ish beruvchida muhr mavjud bo‘lgan taqdirda mansabdor shaxsning mehnat shartnomasining barcha nusxalaridagi imzosi muhr bilan tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasining bir nusxasi xodimga beriladi, boshqasi (boshqalari) ish beruvchida saqlanadi. Mehnat shartnomasining nusxasi xodim tomonidan olinganligi ish beruvchida saqlanadigan mehnat shartnomasi nusxasidagi xodim mehnat shartnomasining nusxasini olganligi to‘g‘risidagi alohida imzosi bilan tasdiqlanadi.
Shovot tumani YXKM
bosh yuriskonsulti I.Rahimberganov
MEHNAT SHARTNOMASI HAQIDA HUQUQIY MA’LUMOT
Mehnat shartnomasi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi taraflarning o‘zaro huquqlari hamda majburiyatlarini belgilovchi kelishuv bo‘lib, unga muvofiq xodim ish beruvchining manfaatini ko‘zlab, ushbu kelishuvda belgilangan mehnat vazifasini uning rahbarligi va nazorati ostida shaxsan bajarish, ichki mehnat qoidalariga rioya etish majburiyatini, ish beruvchi esa xodimga shartlashilgan mehnat vazifasi bo‘yicha ish berish, xodimga ish haqini o‘z vaqtida hamda to‘liq miqdorda to‘lash, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda, mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda va ushbu kelishuvda nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
Shuningdek, xodim va ish beruvchi mehnat shartnomasining taraflari bo’lib hisoblanadilar.
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
ISHLANMAYDIGAN BAYRAM KUNLARI HAQIDA HUQUQIY MA’LUMOT
1-yanvar — Yangi yil;
8-mart — Xotin-qizlar kuni;
21-mart — Navro‘z bayrami;
9-may — Xotira va qadrlash kuni;
1-sentabr — Mustaqillik kuni;
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni;
8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni;
Ro‘za hayit (Iyd al-Fitr) diniy bayramining birinchi kuni;
Qurbon hayit (Iyd al-Adha) diniy bayramining birinchi kuni.
Dam olish kuni ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelgan taqdirda, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chiriladi. Bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmaydi.
Dam olish kunlaridan va ishlanmaydigan bayram kunlaridan xodimlarning oqilona foydalanishi maqsadida dam olish kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan boshqa kunlarga ko‘chirilishi mumkin.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
XODIMLARNI KASBGA TAYYORLASH VA MALAKASINI OSHIRISH HAQIDA
Xodimlarni kasbga tayyorlash deganda xodimlarda nazariy va amaliy bilimlarni shakllantirishga, shuningdek muayyan sohada kasbiy faoliyatni amalga oshirishga va (yoki) muayyan kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha ishlarni bajarishga imkon beruvchi ko‘nikma hamda malakalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan o‘qitish tushuniladi. Xodimlarni kasbga tayyorlash ish beruvchining yo‘llanmasi bo‘yicha ixtiyoriy ravishda ta’lim tashkilotlarida amalga oshiriladi.
Xodimlarni qayta tayyorlash deganda xodimlarni texnologiyalarga yoki mehnat jarayoniga nisbatan talablar o‘zgarib borayotganligi sababli yangi kasbiy bilimlari, malakalari va ko‘nikmalarni egallash maqsadida yoki yangi kasbni egallash uchun o‘qitish tushuniladi.
Malaka oshirish deganda xodimning undagi mavjud kasb va mutaxassislik bo‘yicha ishlarni bajarishga tayyorligini tavsiflovchi, xodimning kasbiy bilimlari, malakalari va ko‘nikmalari darajasini takomillashtirish tushuniladi.
Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish xodim hamda ish beruvchi uchun ixtiyoriy tartibda yoki, agar xodimlarni majburiy qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish talablari mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan bo‘lsa, majburiy tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mazkur ish beruvchida yoki tegishli ta’lim tashkilotida yoxud boshqa ish beruvchida amalga oshirilishi mumkin.
Xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish murabbiylik shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
Shovot tumani YXKM
bosh yuriskonsulti I.Rahimberganov
INTIZOMIY JAZO CHORALARI HAQIDA HUQUQIY MA’LUMOT
Mehnat intizomini buzganligi uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli:
1) hayfsan;
2) o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima. Ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining ellik foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin. Xodimning ish haqidan jarimani ushlab qolish ish beruvchi tomonidan Mehnat kodeksining 269 va 270-moddalari talablariga rioya etgan holda amalga oshiriladi;
3) mehnat shartnomasini bekor qilish (Mehnat kodeksi 161-moddasi ikkinchi qismining 4 va 5-bandlariga asosan).
Mehnat kodeksida, boshqa qonunlarda, intizom to‘g‘risidagi ustavlar yoki nizomlarda nazarda tutilmagan intizomiy jazo choralarini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
XIZMAT TEKSHIRUVI HAQIDA HUQUQIY MA’LUMOT
Xizmat tekshiruvi xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilganligi faktini, uning sodir etilishida xodimning aybini, xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilishiga imkon bergan sabablar va shart-sharoitlarni, ish beruvchiga yetkazilishi mumkin bo‘lgan moddiy zararning xususiyati va miqdorini aniqlash maqsadida amalga oshiriladigan tekshirishdir.
Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun ommaviy axborot vositalarining xabarlari, xodimning bevosita rahbarining bildirgisi, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda xodim tomonidan intizomiy qilmish sodir etilgan deb taxmin qilish uchun asos beradigan boshqa ma’lumotlar asos bo‘ladi.
Ish beruvchi xizmat tekshiruvi o‘tkazish haqida qaror qabul qilishga haqli. Xizmat tekshiruvi o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror tegishli buyruq bilan rasmiylashtiriladi.
Shovot tumani YXKM
bosh yuriskonsulti I.Rahimberganov
XODIMGA QANDAY HOLLARDA KOMPENSATSIYA TO’LOVLARI TO’LANISHI MUMKIN?
Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimga uning o‘z mehnat majburiyatlarini bajarishi bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilishi shart:
xizmat safarlarida bo‘lganda;
sayyor va ko‘chib yurish xususiyatiga ega ishlarda, shuningdek dala sharoitlarida yoki vaxta usulida ishlaganda;
ish beruvchi bilan oldindan kelishuvga ko‘ra boshqa joydagi ishga ko‘chib o‘tganda;
ish beruvchining yo‘llanmasi bilan kasbiy tayyorgarlikdan, qayta tayyorlash, malaka oshirish va stajirovkadan o‘tganda;
ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisa yoki kasb kasalligi natijasida xodim vaqtincha mehnatga layoqatsiz bo‘lib qolganda;
xodim majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi munosabati bilan;
xodim Mehnat kodeksi 234-moddasi birinchi va ikkinchi qismlariga muvofiq foydalanmagan yillik mehnat ta’tili uchun;
ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida xodimni ogohlantirish muddati mutanosib pul kompensatsiyasi bilan almashtirilishi munosabati bilan.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
XODIM QANDAY HOLLARDA ISHDAN CHETLASHTIRILISHI MUMKIN
Ishdan chetlashtirish xodimni mehnat majburiyatlarini, qoida tariqasida, ish haqi saqlanmagan holda bajarishga vaqtincha yo‘l qo‘ymaslikdir.
Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimni ishdan chetlashtirishi shart:
qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra;
alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida ishga kelganida yoki ishda bo‘lganida;
mehnatni muhofaza qilish sohasida o‘quvdan hamda bilim va ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tmaganda;
majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganda;
xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarish uchun tibbiy xulosaga muvofiq qarshi ko‘rsatmalar aniqlanganda;
tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra to‘rt oygacha muddatga vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga muhtoj bo‘lgan xodimni o‘tkazish rad etilganda yoxud ish beruvchida ish mavjud emasligi munosabati bilan bunday xodimga tegishli ishni taklif etish mumkin bo‘lmaganda;
xodim mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq foydalanilishi shart bo‘lgan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalaridan foydalanmaganda.
Xodim karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishdan chetlashtirishga haqli.
Xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan taqdirda ham, agar muayyan xodimning ishda bo‘lishi xizmat tekshiruvini o‘tkazishga xalaqit beradi deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud bo‘lsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishga haqli.
Ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar butun davrga uni ishdan chetlashtiradi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
MEHNAT SHARTNOMASIDA QANDAY REKVIZITLAR KO’RSATILISHI KERAK ?
Mehnat shartnomasida mehnat shartnomasi tuzilgan sana va joy, mehnat shartnomasining raqami va uning taraflarining rekvizitlari ko‘rsatiladi.
Xodimning mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:
familiyasi, ismi va otasining ismi;
shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
yashash yoki turgan joyining manzili va u bilan bog‘lanishga doir ma’lumotlar;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (mavjud bo‘lganda);
shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘i raqami.
Ish beruvchining mehnat shartnomasida ko‘rsatiladigan rekvizitlari quyidagilardan iborat:
mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchining nomi: tashkilotning nomi, agar ish beruvchi tashkilotning alohida bo‘linmasi bo‘lsa, — ushbu bo‘linmaning nomi, ish beruvchi jismoniy shaxs bo‘lgan hollarda, — jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi va pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan ish beruvchi uchun esa uning familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport ma’lumotlari (identifikatsiyalovchi ID-kartasi ma’lumotlari), shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomaning raqami va berilgan sanasi;
ish beruvchining mehnat shartnomasini imzolagan vakili haqidagi ma’lumotlar va, agar tashkilot yoki uning alohida bo‘linmasi ish beruvchi bo‘lsa, vakilga tegishli vakolatlar berilganligining asosi;
ish beruvchi tashkilotning joylashgan eri (pochta manzili) yoki tashkilotning alohida bo‘linmasi xodim bilan mehnat shartnomasini tuzgan ish beruvchi bo‘lgan hollarda, ushbu alohida bo‘linmaning joylashgan eri (pochta manzili) yoxud jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining yashash yoki turgan joyi manzili;
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (bundan yakka tartibdagi tadbirkorlar bo‘lmagan jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilar mustasno);
tashkilotlar yoki ularning alohida bo‘linmalari bo‘lgan ish beruvchilarning, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlarning bank rekvizitlari;
ish beruvchining aloqa ma’lumotlari (telefon raqamlari, elektron pochta manzili va boshqalar).
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
QONUNLARNING IJTIMOIY MUNOSABATLARNI TARTIBGA SOLISHDAGI ROLI YANADA OSHIRILADI
“Qonunlarning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi rolini hamda norma ijodkorligi jarayoni sifatini yanada oshirish bо‘yicha qо‘shimcha chora-tadbirlar tо‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ-75-son, 19.02.2024 y.) qabul qilindi.
Qarorga kо‘ra, 2024 yil 1 martdan:
qonun loyihasidagi havolaki normalarni amalga oshirishning aniq muddatlari va mas’ul ijrochilari loyihaning о‘zida majburiy tartibda belgilanadi;
tegishli sohani tartibga soluvchi qonun loyihasini tayyorlashda ushbu sohadagi qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan munosabatlarni qonun darajasiga kо‘tarish imkoniyatini muhokama qilish shartligi belgilanadi va bu haqda qonun loyihasining tushuntirish xatida kо‘rsatiladi;
qonun kuchga kirgan kundan boshlab 5 yil о‘tib, mas’ul davlat organi va Oliy Majlis palatalarining qо‘mitalari tomonidan qonunning samaradorligini, maqsadi va kutilgan natijalariga erishilganligini aniqlash uchun uning tartibga solish ta’sirini baholash amaliyoti joriy etiladi;
eng muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishdan oldin ularning tayyorlanishi haqidagi axborot normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtiriladi hamda dastlab jamoatchilikning taklif va tavsiyalari olinib, ular asosida tegishli loyihalar ishlab chiqiladi;
normativ-huquqiy hujjatni kuchini yо‘qotgan deb topish bо‘yicha loyiha ishlab chiqilganda, uning asosida qabul qilingan quyi turuvchi normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan о‘tkazilib, ularni ham о‘z kuchini yо‘qotgan deb topish masalasi kо‘rib chiqiladi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti D.А.Аzamatova
YOSHLARNING XALQARO IT-SERTIFIKATLARNI OLISH XARAJATLARINI QOPLAB BERISH BО‘YICHA DAVLAT XIZMATI KО‘RSATILADI
Hukumat qarori (95-son, 17.02.2024 y.) bilan “Yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini qoplab berish bо‘yicha davlat xizmatini kо‘rsatishning ma’muriy reglamenti” tasdiqlandi.
Unga kо‘ra, ariza beruvchi xalqaro IT-sertifikat berilgan sanadan 180 kalendar kun mobaynida mazkur sertifikatni olish xarajatlarini qoplab berishni sо‘rab, YAIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilishi lozim.
Ariza beruvchining xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 60 foizigacha bо‘lgan qismini qoplab berishda ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi sertifikat talab etilmaydi.
Xalqaro IT-sertifikatlar boshlang‘ich darajada bо‘lganda 30 foiz, о‘rta darajada bо‘lganda 40 foiz hamda professional darajada bо‘lganda 60 foiz miqdorda sarflangan xarajatlar qoplab beriladi.
Ingliz tili bо‘yicha V2 va undan yuqori darajadagi hamda professional darajadagi xalqaro IT-sertifikatga ega bо‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatni olish xarajatlari tо‘liq qoplab beriladi.
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
NOGIRONLIGI BО‘LGAN SHAXSLARGA BERILGAN AYRIM IMTIYOZLAR
Nogironligi bо‘lgan shaxslar uchun OTMda davlat granti asosida qо‘shimcha qabul kvotasi ajratiladi.
Nogironligi bо‘lgan shaxslarning avtotransport vositalari uchun ajratilgan tо‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun haq olinmaydi.
I va II guruh nogironligi bо‘lgan shaxslarga DXM va (yoki) YAIDXP orqali xizmat kо‘rsatishda 50 foiz miqdorida chegirma qо‘llaniladi.
Nogironligi bо‘lgan shaxslar jamoat birlashmalari ramzlarini davlat rо‘yxatidan (qayta rо‘yxatdan) о‘tkazish uchun davlat boji undirilmaydi.
Nogironligi bо‘lgan 18 yoshgacha bolalarga hamda I yoki II guruh nogironligi bо‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasini tayinlashda davlat xizmatlari bepul kо‘rsatiladi.
I va II guruh nogironligi bо‘lgan shaxslar bolalarini davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilishda imtiyozli rо‘yxatga kiritilgan.
Tegishli tibbiy xulosa asosida muhtoj shaxslarga protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari beriladi.
Nogironligi bо‘lgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sog‘lomlashtirish huquqiga ega.
I va II guruh nogironligi bо‘lgan shaxslarning mulkida bо‘lgan mol-mulk 60 kvadrat metr doirasida soliq solishdan ozod qilinadi.
Mehmonxonalarda nogironligi bо‘lgan shaxslar uchun alohida sharoitga ega xona tashkil etiladi.
Xizmat turar joylarida yashayotgan I va II guruh nogironlari xizmat uyidan boshqa turar joy bergan holda kо‘chiriladi.
Nogironligi bо‘lgan yoshlarga BHMning 50 baravarigacha (17 mln sо‘mgacha) subsidiya ajratiladi.
I va II guruh nogironligi bо‘lgan shaxslar yer solig‘idan ozod qilinadi.
Byudjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan basseynlarda shug‘ullanish va ulardan foydalanish uchun nogironligi bо‘lgan bolalar tо‘lovdan ozod etiladi.
Bolalikdan nogiron bо‘lganlar, shuningdek I va II guruh nogironlarining MHTEKMning 3 baravari (3 mln 150 ming sо‘m) miqdoridagi mablag‘lari daromad solig‘iga tortilmaydi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
DAVLAT BAYROG'INING TASVIRI TUSHIRILGAN BELGILARDAN FOYDALANISH HAQIDA
O'zbekiston Respublikasi Davlat bayrog'iga nisbatan hurmatni ta'minlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan jamoat joylarida, binolar va boshqa obektlarda, yashash yoki ish joylarida, shuningdek ularga tutash bo'lgan hududlarda, transport vositalarining salonida foydalanilishi mumkin.
Davlat bayrog'ining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o'tkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas, bundan Davlat bayrog'iga nisbatan hurmatni ta'minlagan holda uning tasviri tushirilgan belgilardan ustki kiyim-boshni bezatish yoki O'zbekistonga tegishlilikni belgilash maqsadida foydalanish mustasno.
Shovot tumani YXKM
bosh yuriskonsulti I.Rahimberganov
AYRIM JINOYAT PROTSESSI QATNASHCHILARIGA HAQ TO'LASH TARTIBI BELGILANDI
Hukumat qarori (570-son, 28.10.2023 y.) bilan Jabrlanuvchilar, guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlar va xolislarga to'lanishi lozim bo'lgan mablag'larni hisoblash va to'lash tartibi to'g'risidagi Nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko'ra, jabrlanuvchi voyaga yetmagan yoki muomalaga layoqatsiz deb e'tirof etilgan shaxs bo'lsa, u bilan birgalikda yoki uning o'rniga ishda ishtirok etishga jalb etilgan qonuniy vakiliga haq to'lab beriladi.
Mas'ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb etilgan quyidagi shaxslarga haq to'lab beriladi:
jabrlanuvchilar va ishga ko'maklashuvchi shaxslarga:
➖ularning doimiy yashash joylaridan tashqaridagi hududlarda o'tkaziladigan prosessual harakatlarni amalga oshirish joyiga kelib-ketish xarajatlari;
➖turarjoy bilan bog'liq xarajatlari (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi);
➖kundalik xarajatlari;
ekspert, tarjimon, mutaxassisga ishda ishtirok etishda o'z vazifalarini bajarganligi uchun, ushbu vazifalar xizmat topshirig'i tartibida bajarilgan hollar bundan mustasno;
doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilar va ularning qonuniy vakili, guvohlar va xolislarga ishda ishtirok etishga ularni odatdagi mashg'ulotidan qoldirilganlik (chalg'itganlik) uchun.
Mas'ul organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan ishda ishtirok etishga jalb qilingan ishga ko'maklashuvchi shaxslar hamda jabrlanuvchilarning turarjoy bilan bog'liq xarajatlarini bir kunlik qoplash (mehmonxona yoki turarjoy ijarasi) miqdori BHMning 1,5 baravaridan oshmasligi lozim.
Turarjoyda yashaganligi bo'yicha xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo'lmagan hollarda, har bir sutka uchun belgilangan BHMning 20 foizi miqdorida qoplanadi.
Turarjoy ijarasidan foydalanilganda, davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo'yilgan ijara shartnomasi taqdim etiladi.
Ekspert va mutaxassisga mas'ul organlar (mansabdor shaxslar) topshirig'iga ko'ra bajargan ishi uchun soatiga BHMning 0,10 koeffisienti miqdorida haq to'lanadi.
Bir tarjimon tomonidan har bir ko'rsatilgan xizmati uchun alohida to'lov amalga oshiriladi.
Mazkur qoidalar prosessual majburiyatlarni xizmat topshirig'i sifatida ishda ishtirok etishga jalb qilingan ekspert, mutaxassis va tarjimonga o'z vazifalarini bajarganlik uchun haq to'lashga hamda xizmat safari bilan bog'liq bo'lgan xarajatlarni qoplab berishga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev
NUTQIDA, ESHITISH VA KOʻRISHIDA OGʻIR NUQSONLARI BOR BOLALAR UCHUN BOGʻCHA PULI TOʻLANMAYDI
Quyidagi kasalliklar mavjud bolalar uchun bogʻchalarda ota-onalar toʻlovi undirilmaydi:
1 nutqidagi ogʻir nuqsonlar (rinolaliya, duduqlik, bolalar afaziyasi);
eshitishdagi ogʻir nuqsonlar (II — IV darajali neyrosensor eshitish pastligi va karlik);
3 koʻrishdagi ogʻir nuqsonlar (koʻzi ojizlik (amovroz); tugʻma nuqsonlar (mikroftalm, mikrokornea, anoftalm, toʻr pardaning rivojlanishidagi tugʻma nuqsonlar; koʻrish nervining atrofiyasi, koʻrish nervi disk va makulasining ogʻir darajadagi gipoplaziyasi, albinizm, aniridiya, koʻrish oʻtkirligi 0,4 gacha); katarakta (markaziy zonada toʻliq yoki qisman xiralashish, koʻrish oʻtkirligi 0,4 gacha), afakiya (koʻz gavxari yoʻqligi, koʻrish oʻtkirligi 0,4 gacha), koʻz gavxari siljishi (joy oʻzgarishi); glaukoma (tugʻma, ikkilamchi); toʻr pardaning koʻchishi);
4 tayanch-harakat apparati buzilishi (III va IV darajali skolioz; koʻkrak qafasining III va IV darajali girdobsimon yoki kilsimon deformatsiyasi; artrogripoz; bolalar serebral falaji va boshqa nevrologik patologiyalar oqibatida ortopedik deformatsiyalari; osteomiyelit asoratlari; toʻgʻma maymoqliq (jarrohlik muolajasidan keyingi holat); ortopedik sistem kasalliklari (axondroplaziya, disxondroplaziya, xondrodistrofiya); toʻgʻma son suyak chiqishi (operativ davolashdan keyigi holat);
5 psixik rivojlanishdagi nuqsonlar (psixik rivojlanishda kechikish, psixik-nutqiy rivojlanishda kechikish, bolalar autizmi);
6 aqliy rivojlanishdagi nuqsonlar (yengil va oʻrta darajadagi aqliy zaiflik);
7 murakkab nuqsonlar (rivojlanishda ikki va undan ortiq nuqsonlar mavjudligi).
Shovot tumani YXKM
boshlig‘i K.Ismailov
MAKTABGACHA TAʼLIM VA TARBIYANI RIVOJLANTIRISH UCHUN SHART-SHAROITLAR YARATISHINING KONSTITUTSIYAVIY KAFOLATLARI
Xalqimiz yoshlikda olingan bilimni toshga uyilgan naqshga qiyoslaydi. Zero, taʼlimning boshlang‘ich asosi bo‘lgan maktabgacha taʼlim inson kamolotida beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois, so‘nggi yillarda ushbu taʼlim turi tubdan isloh etildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bog‘cha tarbiyasi nafaqat bolaning o‘ziga, balki uning ota-onasiga ham, qolaversa, butun jamiyat hayotiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasida davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan muhim norma mustahkamlandi. Mazkur kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra davlatga quyidagi majburiyatlar yuklatildi:
birinchidan, davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Yaʼni, davlat tomonidan ushbu taʼlim tashkilotlarini rivojlantirish uchun iqtisodiy va tashkiliy, huquqiy ko‘mak ko‘rsatiladi. So‘nggi yillardagi davlatning qo‘llab-quvvatlovi natijasida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yildagi 27,7 foizdan 71,8 foizga, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5211 tadan 29 mingdan ziyodga yetkazildi. 2022-yilda “Finance Inquirer” nashri bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi dinamikaga ega bo‘lgan dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlatni eʼlon qildi. Unda O‘zbekiston jahon reytingida birinchi o‘rinni egalladi;
ikkinchidan, maktabgacha taʼlim va tarbiya ham davlat nazoratida bo‘lishi belgilandi. Yaʼni, maktabgacha taʼlim sohasida bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan har tomonlama rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish, o‘quv jihozlari bilan taʼminlash, bolalarni sog‘lom oziq-ovqat, sifatli tibbiy parvarishlash xizmati va boshqa moddiy vositalar bilan taʼminlash ishlari doimiy nazoratga olinadi.
Maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga oid qoidalar Shveysariya, Litva kabi davlatlarning konstitutsiyalarida ham belgilab qo‘yilgan.
Shovot tumani boʻlimi YXKM bosh
yuriskonsulti А.Sharipboev